Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 21.11.2024

Oydina Mumtoz
KUZ

Lang ochib eshikni xazon oyiga,
Xayrga qo‘l cho‘zar qizargan Avgust.
Tuflisin botirib yomg‘ir loyiga,
Qo‘lida soyabon, shoshib kelar kuz.
Yomg‘ir mudroq yo‘lning yuzini yuvar,
Daraxtlar bag‘riga bosar yaproqni.
Bulutlar osmonda qora – izquvar,
Kalendar yirtadi yozgi varaqni...
Kuz...
Zaminning ko‘ylagin yuvadi uzoq,
Oktyabr falakdan qidirar yulduz.
Daraxtlar ko‘ylagin yechdi nihoyat,
Sap-sariq ro‘molin quritmagach kuz.
Noyabr paltosin kiyadi erta,
Qishga berib qo‘yar uyning to‘rini.
Va o‘zi yo‘l olar moziy qatiga,
Ayozga qoldirib yozgi so‘rini...


 DARAXTLAR

Devorga cho‘kib borar tobora surat,
Nigohin yashirib ko‘zgudan – mendan.
Yana bo‘y cho‘zishga urinar jur’at,
Yana yugurmoqda o‘tmish izimdan.
Xonada hayqirar xotira daftar,
Qurigan gullarga qabriston – guldon.
Ko‘ngilda mavj urib mahzun misralar,
Sening gul ismingni takrorlar, ishon.
Nechun unutmaydi
Meni sog‘inchlar?
Shivirlar kechagi kunlar yodimda.
O‘sha bir suratni chizar o‘tinchlar,
Sen paydo bo‘lasan yana oldimda.
Meni ishg‘ol qilar
yillar changida,
Mudom bu yo‘llardan baxt kutgan xatlar.
Hovlida 
jon hovuchlar ikkimiz ekkan,
Kesilib ketmay deb keksa daraxtlar...

 * * * 

Yo Tangrim...
Yarimta ko‘ksim ham bo‘linib ketdi,
Notinch bekatlarda kechmoqda umrim.
G‘amlar ko‘zlarimda sarg‘ayib bitdi,
Endi bu xazonlar – tug‘ishgan singlim...
Dardlar tomchilanib kuzni yig‘latar,
Yulduzdan miltillab sizmoqda ko‘z yosh.
To‘rtburchak dunyodan ovozim qaytib,
Yuragim o‘ymoqda bezovta naqqosh.
Bilmayman, hali ham tegramda nelar,
Bilganim...
 ko‘ksimda qadimiy bir sham.
Yonib, 
 yondirmog‘im,
 yonmog‘im kelar...
Men yonsam, olovlar bo‘lishar mulzam.
Meni qiynayverar o‘sha sirli g‘am,
Siz yurgan yo‘llardan kelmoqda o‘tgim.
Ko‘zimga qaraysiz,
 baytlaringiz nam,
Nechun yig‘layapsiz, Nodirabegim?
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (29.12.2013)
Просмотров: 2992 | Рейтинг: 2.3/7