Qayiradi bargin gulxayr
Qayiradi bargin gulxayri, Yuz ochadi kulib nastarin. Sochlarimni silagin, mayli, Titib ko‘rgin qalbim astarin - So‘z topilmas ismingdan o‘zga, Dunyodagi eng toza chechak. Sen borsanki - chechanman so‘zga, Sen borsanki - oydindir kecham. Mayli, gullar barq ursin zimdan, Atirga garq bo‘lsin tevarak. Hidlamasman. Sening isingdan O’zga hidlar menga ne kerak?! Titramasin barg kabi labing, Yuragingga cho‘kmasin g‘ubor. Toki sevgi ekan matlabing, Senga sodiq qolaman, dildor. Faqat seni sog‘inaman men, Faqat senga ilhaqman mudom. Faqat sen deb og‘rinaman men, Yuragim - bir sen uchun guldon! Talpinadi garchi ming chechak, Garchi pinhon yiglab-siqtaydi. Nima qilay, iloj yo‘q hech ham - Yuragimga ular sig‘maydi. Qilolmasman muhabbat tuhfa, Ko‘zyoshlari bo‘lsa-da ummon. Nigohingdan arisin shubha, Tuman kabi to‘zg‘isin gumon. Ko‘p titmagin qalbim astarin, Ma’yus bo‘lma - o‘yna, sevin, kul: Senga havas qilar nastarin, Senga havas qilar atirgul! | |
Просмотров: 3757 | |